четверг, 2 апреля 2015 г.

Katta bo'lsam Prezident bo'laman

Katta bo'lsam Prezident bo'laman !


Gapirishga gapim ko’p.
Eshitadigan yo’q.
Shoyadki blogerlar chempionati haqida eshitib qoldim.
Dilimdagini dasturxon qiladigan  joy topdim.
Dengizga tomchi bo’lsam bo’libman, Aybga buyurmaysiz.
Darvoqe, jurnalistlikka da’voim yo’q.
Orfografiya xudosidan uzrlar so’ragan holda boshlasam.
Hayotimdan nolisam noshukrlik bo’lar, ko’rnamaklik bo’lar. Uy-joy, mashina, sevimli oilam va ishim bor. Hammasi joyida. Hammasi yaxshi. Qariyb baxtliman. Nimaga “qariyb”ligini hozir tushuntirib beraman.
Bolaligimda katta bo’lsang kim bo’lasan degan savolga g’urur bilan “Prezident” derdim. Nimaga g’urur bilan aytar edim bu gapni? Endi tushundim. Xuddi shu savolga tengqurlarim bergan javobdan ko’ra meni javobim ulug’roq, buyukroq, originalroq bo’lgani uchun. Chunki kattalarni “haydovchi”, “do’xtir”, “milisa”, “futbolchi” yoki “bankir” degan javobdan ko’ra gerdayib - katta bo’lsam “Prezident” bo’laman degan bola ko’proq quvontirar edi. Kattalarni bu jilmayishini oldin kompliment deb tushunardim. Hozir esa ancha o’zgacha tahlil qilyapman. Bu jilmayishda ulug’ mahzunlik bor. Bu jilmayishda ulkan afsus bor, armon bor, taqdirga tan berish bor, kurashdan to’xtashlik bor, o’zi o’ylab topgan orzularini o’zi ko’mishlik bor. Nimaga bunaqa radikal fikrlayapman? Shoshmayotgan bo’lsangiz hozir tushuntirib beraman.
Ziyoli, o’qimishli oiladanman. Ota onam bolaligimdan meni ilmga undagan. Maktabda muallimlarimiz o’qing dono bo’lasiz, bilim oling buyuk inson bo’lasiz degan gaplarni yosh ongimga yaxshi singdirishgan. Juda yaxshi o’qirdim. 5+ baho olmagan kunlarim o’zimni kechira olmasdim. Tarix va matematika fanlaridan tuman va viloyat  olimpiadalarida eng yuqori o’rinni hechkimga bermaganman. Badiiy kitoblarni hamma dona-donalab o’qisa men kilo-kilolab o’qir edim. Maqtanchoqlikka yo’yarsiz balki  xullas, vunderkind edim.
Velosipedim bo’lardi. Maktabga birga borib keladigan ikkita qo’shnim bor edi. Uchchovlon meni veligimda maktabga borib kelardik.  Ularni ustidan hardoim “ikkichi” deb kulardim. Rostdan ham g’irt savodsiz, qo’y boqishdan boshqasini bilmaydigan noshudlar edi. Meni koptok tepgani chaqirishardi, men rad javobini berib, ichimda savodsizlar ustidan kulib, ilm bilan mashg’ul bo’lardim.
Ular ko’cha changitib futbol o’ynashardi, men kitobdan bosh ko’tarmas edim.
Yillar o’tdi. Men o’qirdim, Ular to’p tepishardi.
Yillar o’tdi, men grand asosida o’qishga kirdim. “ikkichi”lar Rossiyaga ketdi.
Hozir esa Men 840 ming so’m maosh oladigan shartnomalar bo’limi boshlig’I bo’ldim.
“ikkichilaar” esa…
“Ikkichi”larning birida keyin bilsam bozorda  “tochkalari” bor. Qavat qavat turargohlari bor.
Ikkinchisi esa, ikkinchisi kim deb o’ylaysiz?
Bingo!
Futbolchi.
Klub bilan tuzilgan shartnomaga binoan yillik maoshi 120 000 $ mush.
( Kimligini aytishni joiz deb topmadik)
Meni esa...
Meni esa… hozirda o’sha veligim ham yo’q!
O’ylanib qoldim. Men nimaga o’qidim?! Men nimaga bolalikning o’yinqaroq shirin damlaridan voz kechdim ?
Umrida yig’lamagan odamni yig’lagisi keldi.
Umrida o’zi qilayotgan ishining noto’g’riligiga shak keltirmagan odam ulkan shubxa iskanjasida qoldi.
Boshimni devorga urdim. Boshim qonadi. Yana urdim. Uraverdim. Boshimdan sizib chiqqan qon ko’kragimga oqib tushguncha urdim. Devorning oxagi to’kilguncha urdim.
Yo’q bu hasad emas. Bu yillar davomida o’zi, oilasi, domlalari , butun Dunyoo to’g’ri deb bilgan ilm yo’lidan borib savodsiz noshudlarning erishgan ulkan yutuqlasrini ko’rib, 25 yil umrini aynan nimaga sarflaganligini anglay olmagan, aslida o’zi noshudligini payqagan, zamonaviy jamoat qarichi bilan hisoblaganda aynan o’zi “ikkichi” ekanligini tushungan, bolaligida o’zicha gerdayib “Prezident” bo’laman degan, xotiniga 6 oydan beri sariqchaqalik ko’ylakni olib bera olmayotgan, ko’chada itdan suyak qarz o’sha vunderkindning Nidosi edi.
O’zimni bosib ularga qo’ng’iroq qildim.
Uchrashdik. Muxtasham koshonada o’tirib ovqatlandik, gaplashdik.
“ikkichi”lar to’lashdi.
Uyga manmnuniyatlik bilan qaytdim. Nimaga bir necha soat oldin chuqur depressiya quchog’ida yotgan odam mamnun qaytdi? Yana sal sabr qiling tushuntiraman.
Boylar bilan chaqchaqlashib tushundim.
Boylar bilan gaplashib angladim.
Boylar bilan fikr o’rtoqlashib bildim.
Dunyo qarashi torligini tushundim.
Muayyan bir masalada o’z nuqtai nazari yo’qligini angladim.
Ongi hali hanuz pastligini bildim.
Boylar aslida juda va juda qashshoq edilar.
O’zimni boyroq his qildim.
Ularga esa rahmim keldi.
Ko’pchilik bilimni boylikka eltuvchi vosita sifatida tushunadi. Yo’q! Mol-dunyo vosita. Tabiiy ehtiyojlarni qondirish vositasi. Bilim - haqiqiy boylik. Pul qo’lni kiri – Ilm inson ko’rki.
Hozirgi zamonimiz fojeasi bu – molparastlik. Hamma pul topishga mukkasidan ketgan. Hammani o’y hayolida pul,pul,pul. Tan oling sizni ham, pul hamma narsadan ko’ra ko’proq qiziqtiradi. Bilimning bozordagi “kurs”I hozir ancha tushib ketgan. Tug’ruqxonada pul, bog’chaga pul, maktabga pul, institutda pul-pul-pul, ishga kirishda pul, o’lganida go’rkovga pul. O’sib kelayotgan yoshlar pulning bunaqa qadrini, qudratini  ko’rganidan keyin kitobga qiziqarmidi.
Qani o’sha olimlar? Qani o’sha mashoyixlar? Qani o’sha ixtirochilar? Qani o’sha mutafakkirlar? Qani ilm fanda to’ntarish qiladigan daholar? Beruniy, Xorazmiy, Buxoriy, Farobiy, Ibn Sinolar qani?
Hammasi yo bozorda, yo Rossiyada.
Biz ajdodlarimiz bilan g’ururlanganimiz, maqtanganimiz kabi bizning avlodlarimiz ham bizni eslab faxrlanarmikan? Faxrku mayli, eslarmikan hech bo’lmaganda bizni avlodlarimiz? Yoki bir necha asrlardan so’ng ham hali hanuz faqat o’sha buyuk Xorazmiyu Beruniylar haqida gapirilaveradimi?
O’ylab ko’ring, tarixda nom nishonsiz, odiy “probel” bo’lib qolib ketmasmikinmiz?
Alam qiladi.
Qanchadan qancha odam Oilasini deb, bola-chaqasini deb,  o’zi yoqtirmaydigan ishni qilib, yomg’irni yomg’ir demay, qorni qor demay bozorda xitoy tovarini “aka bu turetskiy” deb mol sotyapti, 3ming so’mga qo’rs qo’pol mijozini tupkani tagidan olib kelib, maxallani qarigacha olib kirib, undan anqiyotgan badbo’y araq hidiga tishini tishiga qo’yib chidab, oxirida umid bilan “aka yana 500 so’m qo’shing” deb kira qilyapti, vatanidan minglab chaqirim uzoqqa sovuq yurtlarga ketib, zax yerto’lalarda yashab, qadamda poylaydigan militsiya xodimlaridan qochib, pasportini oldirib qo’yib, bobokalonlarimiz yulduz sanagan vaqtlarda bobolari oyog’iga paytava o’rashni bilmaganlar hovlisida ko’cha supuryapti.
Alam qiladi.
Ular ham senga o’xshab bolaligida katta katta orzu umidlar qilmaganmi axir? Ular ham sen kabi buyuk bo’lishni, tarixda nomini qoldirishni xoxlamaganmi axir? Nima qilsin? Pul topish kerak. Oilani boqish kerak. Dunyoni shuncha qiyinchiligini, baland pastini ko’rgan odam kichkina bolakay prezident bo’laman desa albatta jilmayadida. Chunki u ham sen kabi balandparvoz orzularni qilgan. Chunki biladi sen ham katta bo’lib orzularingga nafaqat tupurasan balki sen ularni esingdan ham chiqarib yuborasan. Umidlaring kelajakda chilparchin bo’lishi imkoniyati juda ham baland ekanligini tushungan holda istexzoli mahzun jilmayadida. Xo’rsinadida.
Aziz mushtariy o’zingiz bir eslangchi, qachon oxirgi marotaba bolalikdagi eng beg’ubor, nozik orzularingizni yodga oldingiz? Eslolmayapsiz. Eslolmaysiz ham. Chunki Siz ham orzuingizga ishonmay qo’ygansiz.
Orzuingizni unutyapsiz. O’zingizni unutyapsiz. Orzuingiz bu – siz.
Alam qiladi.
Oxirgi paytlarda odamlarimiz ongida o’g’lini uylanitirishu, qizini erga berishdan ko’ra kengroq, globalroq, buyukroq, ulug’roq, muhimroq o’y-hayol mavjud emas.
Alam qiladi.
Buyuk ishlar uchun yaratilganlar bozorda savdoyu, ko’chada kira bilan ovora.
Orzu qilish – Buyuk kelajak mexanizmi.  Orzu qiling. Unga intiling. Ulug’  ishlar qiling. Tarixda qoling. Vatanimizni dunyo minbarlarining eng yuqori nuqtasiga olib chiqing.
Hech qo’lingizdan kelmasa, hech bo’lmaganda tasavvur qiling. Taqdir sizni egishi mumkin, bukishi mumkin, yer bilan yakson qilishi, tilingizni kesishi, qo’lingizni chopishi mumkin lekin, odam Tasavvurini cheklab bo’lmas.
Orzuingizni berib qo’ymang.

                                                                                                                                                                     P\S

Kuni kecha xotinim tug’ilajak farzandimizni kim bo’lishini xoxlaysiz deb so’rab qoldi. Bilasizmi nima deb javob berdim? Bu safar gerdaymasdan, g’ururlanmasdan, xo’rsinib  -  Futbolchi dedim
-------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------

Blogerlar chempionati uchun maxsus.

1 комментарий: