Katta bo'lsam Prezident bo'laman !
Gapirishga
gapim ko’p.
Eshitadigan yo’q.
Shoyadki
blogerlar chempionati haqida eshitib qoldim.
Dilimdagini
dasturxon qiladigan joy topdim.
Dengizga
tomchi bo’lsam bo’libman, Aybga buyurmaysiz.
Darvoqe, jurnalistlikka
da’voim yo’q.
Orfografiya
xudosidan uzrlar so’ragan holda boshlasam.
Hayotimdan
nolisam noshukrlik bo’lar, ko’rnamaklik bo’lar. Uy-joy, mashina, sevimli oilam
va ishim bor. Hammasi joyida. Hammasi yaxshi. Qariyb baxtliman. Nimaga
“qariyb”ligini hozir tushuntirib beraman.
Bolaligimda
katta bo’lsang kim bo’lasan degan savolga g’urur bilan “Prezident” derdim.
Nimaga g’urur bilan aytar edim bu gapni? Endi tushundim. Xuddi shu savolga
tengqurlarim bergan javobdan ko’ra meni javobim ulug’roq, buyukroq, originalroq
bo’lgani uchun. Chunki kattalarni “haydovchi”, “do’xtir”, “milisa”, “futbolchi”
yoki “bankir” degan javobdan ko’ra gerdayib - katta bo’lsam “Prezident” bo’laman
degan bola ko’proq quvontirar edi. Kattalarni bu jilmayishini oldin kompliment
deb tushunardim. Hozir esa ancha o’zgacha tahlil qilyapman. Bu jilmayishda
ulug’ mahzunlik bor. Bu jilmayishda ulkan afsus bor, armon bor, taqdirga tan
berish bor, kurashdan to’xtashlik bor, o’zi o’ylab topgan orzularini o’zi
ko’mishlik bor. Nimaga bunaqa radikal fikrlayapman? Shoshmayotgan bo’lsangiz
hozir tushuntirib beraman.
Ziyoli,
o’qimishli oiladanman. Ota onam bolaligimdan meni ilmga undagan. Maktabda
muallimlarimiz o’qing dono bo’lasiz, bilim oling buyuk inson bo’lasiz degan
gaplarni yosh ongimga yaxshi singdirishgan. Juda yaxshi o’qirdim. 5+ baho
olmagan kunlarim o’zimni kechira olmasdim. Tarix va matematika fanlaridan tuman
va viloyat olimpiadalarida eng yuqori
o’rinni hechkimga bermaganman. Badiiy kitoblarni hamma dona-donalab o’qisa men
kilo-kilolab o’qir edim. Maqtanchoqlikka yo’yarsiz balki xullas, vunderkind edim.
Velosipedim
bo’lardi. Maktabga birga borib keladigan ikkita qo’shnim bor edi. Uchchovlon
meni veligimda maktabga borib kelardik. Ularni ustidan hardoim “ikkichi” deb kulardim.
Rostdan ham g’irt savodsiz, qo’y boqishdan boshqasini bilmaydigan noshudlar
edi. Meni koptok tepgani chaqirishardi, men rad javobini berib, ichimda
savodsizlar ustidan kulib, ilm bilan mashg’ul bo’lardim.
Ular ko’cha
changitib futbol o’ynashardi, men kitobdan bosh ko’tarmas edim.
Yillar o’tdi.
Men o’qirdim, Ular to’p tepishardi.
Yillar o’tdi,
men grand asosida o’qishga kirdim. “ikkichi”lar Rossiyaga ketdi.
Hozir esa Men
840 ming so’m maosh oladigan shartnomalar bo’limi boshlig’I bo’ldim.
“ikkichilaar”
esa…
“Ikkichi”larning
birida keyin bilsam bozorda “tochkalari”
bor. Qavat qavat turargohlari bor.
Ikkinchisi
esa, ikkinchisi kim deb o’ylaysiz?
Bingo!
Futbolchi.
Klub bilan
tuzilgan shartnomaga binoan yillik maoshi 120 000 $ mush.
( Kimligini
aytishni joiz deb topmadik)
Meni esa...
Meni esa…
hozirda o’sha veligim ham yo’q!
O’ylanib
qoldim. Men nimaga o’qidim?! Men nimaga bolalikning o’yinqaroq shirin
damlaridan voz kechdim ?
Umrida yig’lamagan
odamni yig’lagisi keldi.
Umrida o’zi
qilayotgan ishining noto’g’riligiga shak keltirmagan odam ulkan shubxa
iskanjasida qoldi.
Boshimni
devorga urdim. Boshim qonadi. Yana urdim. Uraverdim. Boshimdan sizib chiqqan
qon ko’kragimga oqib tushguncha urdim. Devorning oxagi to’kilguncha urdim.
Yo’q bu hasad
emas. Bu yillar davomida o’zi, oilasi, domlalari , butun Dunyoo to’g’ri deb
bilgan ilm yo’lidan borib savodsiz noshudlarning erishgan ulkan yutuqlasrini
ko’rib, 25 yil umrini aynan nimaga sarflaganligini anglay olmagan, aslida o’zi
noshudligini payqagan, zamonaviy jamoat qarichi bilan hisoblaganda aynan o’zi
“ikkichi” ekanligini tushungan, bolaligida o’zicha gerdayib “Prezident”
bo’laman degan, xotiniga 6 oydan beri sariqchaqalik ko’ylakni olib bera olmayotgan,
ko’chada itdan suyak qarz o’sha vunderkindning Nidosi edi.
O’zimni bosib
ularga qo’ng’iroq qildim.
Uchrashdik.
Muxtasham koshonada o’tirib ovqatlandik, gaplashdik.
“ikkichi”lar
to’lashdi.
Uyga manmnuniyatlik
bilan qaytdim. Nimaga bir necha soat oldin chuqur depressiya quchog’ida yotgan
odam mamnun qaytdi? Yana sal sabr qiling tushuntiraman.
Boylar bilan
chaqchaqlashib tushundim.
Boylar bilan
gaplashib angladim.
Boylar bilan
fikr o’rtoqlashib bildim.
Dunyo qarashi
torligini tushundim.
Muayyan bir
masalada o’z nuqtai nazari yo’qligini angladim.
Ongi hali
hanuz pastligini bildim.
Boylar aslida
juda va juda qashshoq edilar.
O’zimni
boyroq his qildim.
Ularga esa
rahmim keldi.
Ko’pchilik
bilimni boylikka eltuvchi vosita sifatida tushunadi. Yo’q! Mol-dunyo vosita.
Tabiiy ehtiyojlarni qondirish vositasi. Bilim - haqiqiy boylik. Pul qo’lni kiri
– Ilm inson ko’rki.
Hozirgi
zamonimiz fojeasi bu – molparastlik. Hamma pul topishga mukkasidan ketgan.
Hammani o’y hayolida pul,pul,pul. Tan oling sizni ham, pul hamma narsadan ko’ra
ko’proq qiziqtiradi. Bilimning bozordagi “kurs”I hozir ancha tushib ketgan.
Tug’ruqxonada pul, bog’chaga pul, maktabga pul, institutda pul-pul-pul, ishga
kirishda pul, o’lganida go’rkovga pul. O’sib kelayotgan yoshlar pulning bunaqa
qadrini, qudratini ko’rganidan keyin
kitobga qiziqarmidi.
Qani o’sha olimlar?
Qani o’sha mashoyixlar? Qani o’sha ixtirochilar? Qani o’sha mutafakkirlar? Qani
ilm fanda to’ntarish qiladigan daholar? Beruniy, Xorazmiy, Buxoriy, Farobiy,
Ibn Sinolar qani?
Hammasi yo bozorda, yo Rossiyada.
Biz
ajdodlarimiz bilan g’ururlanganimiz, maqtanganimiz kabi bizning avlodlarimiz
ham bizni eslab faxrlanarmikan? Faxrku mayli, eslarmikan hech bo’lmaganda bizni
avlodlarimiz? Yoki bir necha asrlardan so’ng ham hali hanuz faqat o’sha buyuk
Xorazmiyu Beruniylar haqida gapirilaveradimi?
O’ylab ko’ring, tarixda nom nishonsiz, odiy “probel” bo’lib qolib
ketmasmikinmiz?
Alam
qiladi.
Qanchadan
qancha odam Oilasini deb, bola-chaqasini deb,
o’zi yoqtirmaydigan ishni qilib, yomg’irni yomg’ir demay, qorni qor
demay bozorda xitoy tovarini “aka bu turetskiy” deb mol sotyapti, 3ming so’mga
qo’rs qo’pol mijozini tupkani tagidan olib kelib, maxallani qarigacha olib
kirib, undan anqiyotgan badbo’y araq hidiga tishini tishiga qo’yib chidab,
oxirida umid bilan “aka yana 500 so’m qo’shing” deb kira qilyapti, vatanidan
minglab chaqirim uzoqqa sovuq yurtlarga ketib, zax yerto’lalarda yashab,
qadamda poylaydigan militsiya xodimlaridan qochib, pasportini oldirib qo’yib, bobokalonlarimiz
yulduz sanagan vaqtlarda bobolari oyog’iga paytava o’rashni bilmaganlar
hovlisida ko’cha supuryapti.
Alam qiladi.
Ular ham
senga o’xshab bolaligida katta katta orzu umidlar qilmaganmi axir? Ular ham sen
kabi buyuk bo’lishni, tarixda nomini qoldirishni xoxlamaganmi axir? Nima qilsin?
Pul topish kerak. Oilani boqish kerak. Dunyoni shuncha qiyinchiligini, baland
pastini ko’rgan odam kichkina bolakay prezident bo’laman desa albatta
jilmayadida. Chunki u ham sen kabi balandparvoz orzularni qilgan. Chunki biladi
sen ham katta bo’lib orzularingga nafaqat tupurasan balki sen ularni esingdan
ham chiqarib yuborasan. Umidlaring kelajakda chilparchin bo’lishi imkoniyati
juda ham baland ekanligini tushungan holda istexzoli mahzun jilmayadida.
Xo’rsinadida.
Aziz
mushtariy o’zingiz bir eslangchi, qachon oxirgi marotaba bolalikdagi eng
beg’ubor, nozik orzularingizni yodga oldingiz? Eslolmayapsiz. Eslolmaysiz ham.
Chunki Siz ham orzuingizga ishonmay qo’ygansiz.
Orzuingizni
unutyapsiz. O’zingizni unutyapsiz. Orzuingiz bu – siz.
Alam qiladi.
Oxirgi paytlarda odamlarimiz ongida o’g’lini uylanitirishu, qizini erga
berishdan ko’ra kengroq, globalroq, buyukroq, ulug’roq, muhimroq o’y-hayol
mavjud emas.
Alam qiladi.
Buyuk ishlar uchun yaratilganlar bozorda savdoyu, ko’chada kira bilan
ovora.
Orzu qilish –
Buyuk kelajak mexanizmi. Orzu qiling.
Unga intiling. Ulug’ ishlar qiling.
Tarixda qoling. Vatanimizni dunyo minbarlarining eng yuqori nuqtasiga olib
chiqing.
Hech
qo’lingizdan kelmasa, hech bo’lmaganda tasavvur qiling. Taqdir sizni egishi
mumkin, bukishi mumkin, yer bilan yakson qilishi, tilingizni kesishi, qo’lingizni
chopishi mumkin lekin, odam Tasavvurini cheklab bo’lmas.
Orzuingizni berib qo’ymang.
P\S
Kuni kecha
xotinim tug’ilajak farzandimizni kim bo’lishini xoxlaysiz deb so’rab qoldi. Bilasizmi
nima deb javob berdim? Bu safar gerdaymasdan, g’ururlanmasdan, xo’rsinib - Futbolchi dedim
-------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------
Blogerlar chempionati uchun maxsus.